Iste’molchilarning qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularning murojaatlarini o‘z vaqtida, xolis va qonunchilik talablari asosida ko‘rib chiqish O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari tizimining ustuvor vazifalaridan biridir. Andijon viloyati Oltinko‘l tumanida qayd etilgan navbatdagi murojaat ham iste’molchi foydasiga hal etildi.
Oltinko‘l tumani,”Obodlik”MFYda yashovchi fuqaro O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Telegram boti orqali murojaat qilib, “Alif Moliya” bilan tuzilgan kredit shartnomasi bo‘yicha qarzdorlik va notarius xarajatlarini to‘liq to‘lagan bo‘lishiga qaramay, texnik nosozlik sababli notarius xarajatlari tizimda aks etmagani natijasida ushbu mablag‘ undan yana bir bor undirilganini ma’lum qilgan.
Murojaat Oltinko‘l tumani Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan belgilangan tartibda o‘rganildi. O‘rganish davomida iste’molchi qarzdorlik va notarius xarajatlarini “Alif Moliya” ilovasi orqali to‘liq to‘lagani, bu haqda tasdiqlovchi hujjatlarni ham Majburiy ijro byurosiga taqdim etgani aniqlandi. Biroq texnik nosozlik tufayli notarius xarajatlari bo‘yicha ma’lumotlar tizimda aks etmagani sababli iste’molchidan 91 114 so‘m mablag‘ ikkinchi marotaba undirilgan.
Jamiyat mutaxassislari tomonidan tegishli tashkilotlar bilan olib borilgan huquqiy tushuntirish va amaliy ishlar natijasida mazkur holat bartaraf etildi hamda iste’molchi tomonidan ortiqcha to‘langan 91 114 so‘m mablag‘ni qaytarish bo‘yicha tegishli choralar ko‘riladigan bo‘ldi.
Mazkur holat iste’molchilarning o‘z huquqlarini bilishi, to‘lovlarni tasdiqlovchi hujjatlarni saqlashi hamda huquqlari buzilgan taqdirda vakolatli tashkilotlarga murojaat qilishi muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
























