Surxondaryo viloyatining Denov tumanida suyultirilgan gaz ta’minoti bilan bog‘liq iste’molchi murojaati o‘rganilib, muammo ijobiy hal etildi.
Denov tumani Surxon Diyor mahallasi, Zafar ko‘chasida yashovchi fuqaro S.S. Sananova O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 — Ishonch telefoni orqali amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.
Iste’molchi murojaatida qariyb uch oydan buyon uning xonadoniga suyultirilgan gaz balloni yetkazib berilmayotganini ma’lum qilgan. Fuqaroning ta’kidlashicha, mahallaga olib kelingan gaz ballonlari ko‘cha boshida tarqatilgan va ayrim xonadonlarga yetib bormagan.
Natijada iste’molchi uzoq vaqt davomida gaz ta’minotisiz qolib, ovqat tayyorlash hamda boshqa kundalik maishiy ehtiyojlarini qondirishda jiddiy qiyinchiliklarga duch kelgan.
Mazkur murojaat Federatsiyaning Ishonch telefonida 25143/26-son bilan ro‘yxatga olinib, belgilangan tartibda Denov tuman iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yuborildi.
Jamiyat mutaxassislari tomonidan murojaatda bayon etilgan holatlar atroflicha o‘rganilib, masalaga aloqador tashkilotlar bilan bog‘lanildi. Iste’molchining xonadoniga gaz balloni yetkazib berilmagani hamda suyultirilgan gazni tarqatish jarayonida yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan tegishli choralar ko‘rildi.
Olib borilgan o‘rganish va amaliy sa’y-harakatlar natijasida fuqaroning xonadoniga suyultirilgan gaz balloni yetkazib berildi. Shu tariqa iste’molchining qonuniy talabi ta’minlanib, qariyb uch oy davom etgan muammo ijobiy hal qilindi.
Mazkur holat aholiga ko‘rsatilayotgan kommunal va maishiy xizmatlar sifatini yaxshilash, mavjud kamchiliklarni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda iste’molchilarning qonuniy manfaatlarini ta’minlashda fuqarolar murojaatlari muhim ahamiyatga ega ekanini yana bir bor ko‘rsatdi.
Huquqingiz buzilsa, 1091 — Ishonch telefoniga murojaat qiling!
























