Uchqo‘rg‘onda 20,8 million so‘mlik skuter bilan bog‘liq murojaat ijobiy hal etildi
Namangan viloyatining Uchqo‘rg‘on tumanida xarid qilingan skuterda texnik nosozlik aniqlangani yuzasidan iste’molchining murojaati o‘rganilib, uning qonuniy huquqlari himoya qilindi.
Ma’lumki, iste’molchilar tomonidan xarid qilingan mahsulotlarning sifati va ularga ko‘rsatiladigan servis xizmatlari bilan bog‘liq muammolar ayrim hollarda fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Xususan, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining 1091 qisqa raqamli ishonch telefoniga Uchqo‘rg‘on tumanida yashovchi fuqarodan murojaat kelib tushgan.
Murojaatda fuqaro tumandagi savdo shoxobchalaridan biridan 20 million 800 ming so‘mga skuter xarid qilgani, biroq transport vositasida texnik nosozlik yuzaga kelgani hamda sotuvchi tomonidan zarur servis xizmati ko‘rsatilmaganidan noroziligini bildirgan.
Mazkur murojaat Federatsiyaning Uchqo‘rg‘on tuman jamiyati mas’ullari tomonidan qonunchilik doirasida o‘rganilib, savdo shoxobchasi vakillariga «Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonunning 13-moddasi talablari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berildi.
Olib borilgan amaliy ishlar natijasida skuterning 2 million 500 ming so‘mlik ehtiyot qismi yangisiga almashtirilib, zarur servis xizmati bepul ko‘rsatildi.
Shu tariqa, iste’molchining murojaati ijobiy hal etilib, uning qonuniy manfaatlari tiklanishiga erishildi.
























