Yangi uydagi jiddiy kamchilik bartaraf etildi.
Guliston shahrida yashovchi fuqaro ko‘p qavatli uydan xonadon sotib olib, uni o‘z didiga moslab ta’mirlagan edi. Biroq oradan ko‘p vaqt o‘tmay, kuchli yomg‘ir uning xonadonida jiddiy muammolarni yuzaga chiqardi.
Fuqaroning murojaatida qayd etilishicha, u 2025 yil avgust oyida Guliston shahri Sayqal mahallasi hududida “Beton sanoat” MChJ tomonidan qurilgan 11-uyning 7-qavatidan xonadonni sotib olgan. Xonadon xarid qilingach, u qaytadan to‘liq ta’mirdan chiqarilgan.
Ammo 2026 yil iyun oyida kuzatilgan kuchli yomg‘ir vaqtida ko‘p qavatli uyning tom qismidan suv sizib, xonadon ichiga o‘tgan. Natijada shift, devorlar va ta’mirlangan boshqa qismlarga zarar yetgan. Fuqaro ko‘rgan moddiy zararini 100 million so‘m deb baholagan.
Shundan so‘ng fuqaro O‘zbekiston Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasining Telegram-boti orqali murojaat yo‘llagan.
Murojaat Guliston shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, holat yuzasidan joyiga chiqilgan.
O‘rganishlar davomida xonadonga suv o‘tishiga ko‘p qavatli uyning tom qismidagi kamchiliklar sabab bo‘lgani aniqlangan. Shundan so‘ng quruvchi — “Beton sanoat” MChJ tomonidan tom qismidagi suv o‘tish holatini bartaraf etish bo‘yicha ta’mirlash ishlari amalga oshirilgan.
Bundan tashqari, suv oqibatida xonadonning ichki qismida yuzaga kelgan zarar va kamchiliklarni tiklash ishlari ham korxona tomonidan bajarilgan.
Natijada fuqaroning murojaatida ko‘rsatilgan muammolar bartaraf etilib, murojaat ijobiy hal qilindi.
Mazkur holat yangi qurilgan uy-joyni sotib olishda nafaqat uning tashqi ko‘rinishi, balki qurilish sifati, tom va kommunikatsiya tizimlarining talab darajasida bajarilganiga ham alohida e’tibor qaratish zarurligini yana bir bor ko‘rsatmoqda. Eng muhimi, iste’molchilar o‘z huquqlarini buzilgan deb hisoblasa, masalani e’tiborsiz qoldirmasdan tegishli tashkilotlarga murojaat qilishlari mumkin bo'ladi.
Yangi uydagi jiddiy kamchilik bartaraf etildi.
- Информация о материале
- Автор: Sirdaryo viloyati matbuot xizmati
- Категория: Yangiliklar
- Просмотров: 25
























