Yoshlar har qanday jamiyatning eng katta boyligi, mamlakat taraqqiyoti va kelajagining mustahkam poydevori hisoblanadi. Ularning intilish va tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, muammo va takliflarini o‘rganish hamda huquq va manfaatlarini himoya qilish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tibor markazida turibdi.
Shu maqsadda Andijon shahri “Yangi Bo‘ston” mahalla fuqarolar yig‘inida yoshlar bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Unda Andijon viloyati hokimining topshirig‘iga asosan O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Andijon viloyati hududiy birlashmasi rahbari O‘. Mashrapov ishtirok etib, mahalla yoshlari bilan samimiy va mazmunli suhbat o‘tkazdi.
Muloqot davomida yoshlarning ta’lim olish, kasb-hunar egallash, bandlikni ta’minlash, tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish, shuningdek, iste’molchi sifatidagi huquq va manfaatlarini himoya qilish bilan bog‘liq masalalar muhokama qilindi. Yoshlar tomonidan bildirilgan fikr va takliflar tinglanib, ularning murojaatlari yuzasidan amaliy tavsiyalar hamda huquqiy tushuntirishlar berildi.
Shuningdek, yoshlarning huquqiy savodxonligini oshirish, jamiyat hayotidagi faolligini kuchaytirish hamda o‘z salohiyatini to‘liq namoyon etishi uchun yaratilayotgan imkoniyatlar haqida batafsil ma’lumotlar berildi. Bu kabi uchrashuvlar yoshlarning jamiyatdagi o‘rnini mustahkamlash, ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va kelajakka bo‘lgan ishonchini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Ochiq va samimiy ruhda o‘tgan muloqot yoshlarning murojaat va tashabbuslariga e’tibor qaratish, ularning fikrlarini tinglash hamda amaliy ko‘mak berish borasidagi ishlarning uzviy davomi bo‘ldi. Eng muhimi, bunday uchrashuvlar yoshlar va mutasaddi tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlab, ularning kelajakka bo‘lgan ishonchini kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
























