Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida iste’molchi huquqlari himoyasi borasida navbatdagi ijobiy holat qayd etildi.
Tuman markazidagi “Ishonch” kredit savdo do‘konidan televizor xarid qilgan fuqaroning murojaati qonuniy tartibda o‘rganilib, iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob amalga oshirildi. Xususan, iste’molchi T.J. tomonidan “Ishonch” savdo do‘konidan “Rosso” rusumli, 43 dyuymli televizorni bo‘lib to‘lash sharti asosida 4 083 625 so‘mga xarid qilingan. Biroq televizor uyga olib borilib ishga tushirilganda, uning boshqaruv pulti boshqa rusumdagi televizorga tegishli ekani aniqlangan.
Mazkur kamchilikni bartaraf etish maqsadida savdo do‘koniga qilingan murojaatlar ijobiy natija bermagach, fuqaro tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat yo‘llagan. Mutaxassislar mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida sotuvchi tomon bilan muzokaralar olib borildi. Natijada, savdoda ayni rusumdagi televizor mavjud emasligi sababli, iste’molchining roziligi bilan nuqsonli tovar boshqa markali, xuddi shunday texnik xususiyatlarga ega televizorga almashtirildi hamda xarid narxi qayta hisob-kitob qilindi.
O‘rganish yakuniga ko‘ra, qonunchilik talablaridan kelib chiqib, nuqsonli tovarni almashtirish natijasida kelib chiqqan 2 125 951 so‘m ortiqcha summa iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. Ma’lumot o‘rnida: amaldagi qonunchilikka ko‘ra, agar iste’molchi tomonidan xarid qilingan mahsulotda nuqson aniqlansa, sotuvchi uni 7 kun ichida, qo‘shimcha sifat tekshiruvi talab etilsa, 20 kun ichida almashtirib berishi shart. Ushbu muddatlarga amal qilinmagan taqdirda sotuvchi iste’molchiga mahsulot qiymatining 1 foizi miqdorida penya to‘lashi belgilangan.
Mazkur holatda qonuniy tartibda iste’molchi huquqlari to‘liq ta’minlandi.
























