Xorazm viloyati Xiva tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro M.A. tomonidan iste’molchi huquqlarining buzilgani yuzasidan murojaat kelib tushdi. Fuqaro o‘z murojaatida xarid qilinganidan atigi 5 kun o‘tib “Samsung A56” rusumli telefon apparatida texnik nosozliklar yuzaga kelgani, biroq savdo do‘koni tomonidan to‘langan pul mablag‘i qaytarib berilmagani yoki mahsulot almashtirilmagani sababli norozi ekanini bildirgan.
Mazkur murojaat O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining Xiva tuman jamiyati tomonidan belgilangan tartibda ko‘rib chiqildi. O‘rganish jarayonida telefon apparatida haqiqatan ham ishlab chiqarish nuqsoni mavjudligi aniqlandi.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan do‘kon ma’muriyati bilan olib borilgan tushuntirish va qonuniy choralar natijasida nosoz “Samsung A56” telefon apparati iste’molchiga yangisiga almashtirib berildi.
Mazkur holat yana bir bor shuni ko‘rsatadiki, iste’molchilar o‘z huquqlarini bilishi va qonuniy yo‘l bilan murojaat qilishi orqali adolatli yechimga erishishi mumkin. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasi esa aholining huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida izchil faoliyat olib bormoqda.
Murojaat uchun: 📞1091
📠 https://murojaat.istemol.uz
Federatsiyaning rasmiy sahifalari👇
🔻Telegram (https://t.me/istemolchi1) | Facebook (https://www.facebook.com/istemolchimatbuot/) | Instagram (https://www.instagram.com/istemol.uz/)| YouTube (https://www.youtube.com/watch?v=p9a12vM3cqo) | Istemol.uz
























