Выберите язык
O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi mustaqillik yillarida bosqichma-bosqich shakllanib, bugungi kunda davlat va jamoatchilik hamkorligiga asoslangan muhim institutga aylandi. Bozor iqtisodiyoti munosabatlari chuqurlashayotgan, tovar va xizmatlar ko‘lami kengayib borayotgan hozirgi sharoitda iste’molchilar huquqlarini huquqiy, institutsional va jamoatchilik asosida himoya qilish hayotiy ahamiyat kasb etmoqda. Mamlakatimizda mazkur sohaning huquqiy poydevori 1996-yil 26-aprel kuniqabul qilingan “Iste’molchilarning huquqlarini himoyaqilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni bilan yaratildi. Mazkur qonun iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi birinchi kompleks huquqiy hujjat sifatida mamlakat tarixida muhim o‘rin tutdi. Qonunda iste’molchining xavfsiz mahsulot olish, to‘liq va ishonchli axborotga ega bo‘lish, yetkazilgan zararni qoplatish, sudga murojaat qilish kabi asosiy huquqlari mustahkamlandi.
Eng muhimi, ushbu hujjat davlat organlari bilan bir qatorda jamoat birlashmalariga ham iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish vakolatini berdi. Bu esa mamlakatimizda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokida iste’molchilar harakatining shakllanishiga huquqiy asos bo‘lib xizmat qildi. Jamoatchilik harakatidan respublika miqyosidagi tizimgacha 1996-yili qonun qabul qilinganidan keyin mamlakatda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha jamoatchilik harakati faollasha boshladi. 1997-yilda bir guruh tashabbuskorlar tomonidan Toshkent shahrining Shayxontohur tumanida O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tashkil etildi. Keyinchalik mazkur tuzilma respublika miqyosida faoliyat yurituvchi tashkilotga aylandi. 2000-yilda o‘tkazilgan navbatdan tashqari qurultoyda tashkilotga “O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi” nomi berildi. O‘sha vaqtda respublikada 9 ta viloyat va Toshkent shahrida hududiy jamiyatlar faoliyat yuritayotgani qayd etilgan. Federatsiyaning tashkiliy va huquqiy asoslari keyinchalik yanada mustahkamlandi. Xususan, Federatsiya Ustavi 2003-yil 17-yanvarda bo‘lib o‘tgan navbatdan tashqari konferensiyada qo‘shimcha va o‘zgartirishlar bilan tasdiqlandi.
414-son qaror — iste’molchilar harakatining yangi bosqichi O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi eng muhim tarixiy hujjatlardan biri — Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 28-noyabrda qabul qilingan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishda jamoatchilik ishtirokini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 414 son qarori bo‘ldi. Mazkur qaror mamlakatimizda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimini yangi bosqichga olib chiqqan muhim siyosiy-huquqiy hujjat sifatida baholanadi. Qarorda aholini sifatsiz va inson salomatligi uchun xavfli mahsulotlardan himoya qilish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish, aholining huquqiy va iste’mol madaniyatini oshirish kabi vazifalar belgilab berildi.
Shuningdek, qaror bilan: iste’molchilar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha Idoralararo kengash tashkil etildi; Federatsiya huzurida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish ijtimoiy harakatini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasini tashkil etish nazarda tutildi; davlat organlari va jamoat tashkilotlari hamkorligini kuchaytirish choralari belgilandi. Eng muhimi, ushbu qaror Federatsiyaning respublika miqyosidagi institutsional maqomini mustahkamladi va uning davlat hamda jamoatchilik o‘rtasidagi muhim ko‘prik vazifasini bajarishiga huquqiy zamin yaratdi. Federatsiyaning bugungi faoliyati Bugungi kunda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi mamlakatning barcha hududlarida faoliyat yurituvchi keng tarmoqli jamoat tashkiloti hisoblanadi. Federatsiya tizimida hududiy birlashmalar, tuman va shahar jamiyatlari hamda qator sohaviy tuzilmalar faoliyat olib bormoqda. Ularning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat: iste’molchilar murojaatlarini ko‘rib chiqish; sudlarda iste’molchilar manfaatlarini himoya qilish; huquqiy maslahat va tushuntirish ishlarini olib borish; sifatsiz tovar va xizmatlar yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish; aholining huquqiy savodxonligini oshirish. So‘nggi yillarda Federatsiya raqamli platformalar orqali murojaatlarni qabul qilish, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda huquqiy targ‘ibot ishlarini kuchaytirish, elektron savdo va onlayn xizmatlar sohasidagi iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratmoqda.
Xalqaro hamkorlik va global maydondagi nufuz Federatsiya faoliyatining muhim yo‘nalishlaridan biri — xalqaro hamkorlik va global iste’molchilar harakatidagi ishtiroki hisoblanadi. O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi xalqaro maydonda ham mamlakatimiz manfaatlarini ifoda etayotgan nufuzli jamoat tashkilotlaridan biriga aylandi. Xususan, Federatsiya xalqaro iste’molchilar harakatining eng yirik tuzilmalaridan biri — Consumers International (Xalqaro iste’molchilar tashkiloti) bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi hamda mazkur tashkilotga to‘laqonli a’zo sifatida qabul qilindi. Mazkur xalqaro tuzilma dunyoning 100 dan ortiq mamlakatlaridagi iste’molchilar huquqlarini himoya qiluvchi milliy uyushmalarni birlashtirib, xavfsiz mahsulotlar, adolatli bozor, raqamli huquqlar va barqaror iste’mol tamoyillarini ilgari surib keladi. Federatsiyaning Xalqaro iste’molchilar tashkilotiga a’zo bo‘lishi O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro hamjamiyat tomonidan e’tirof etilganining amaliy ifodasi bo‘ldi. Bu esa mamlakatimiz iste’molchilar harakatining jahon tajribasi bilan integratsiyalashuviga, ilg‘or xalqaro amaliyotlarni o‘rganishga keng imkoniyat yaratdi. Federatsiya vakillari turli yillarda xalqaro konferensiyalar, forumlar va muloqot maydonlarida faol ishtirok etib kelmoqda. Ayniqsa: raqamli iqtisodiyot sharoitida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish; elektron tijoratda xavfsizlik; moliyaviy xizmatlar sohasida iste’molchilar manfaatlarini ta’minlash; oziq-ovqat mahsulotlari sifati va xavfsizligi; barqaror iste’mol madaniyatini shakllantirish kabi mavzularga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlarda O‘zbekiston tajribasi taqdim etildi.
So‘nggi yillarda Toshkent va Samarqand, Urganch va Xiva shaharlarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishlangan qator xalqaro forum va davra suhbatlari o‘tkazildi. Ularda MDH davlatlari, Osiyo va Yevropa mamlakatlaridan ekspertlar, jamoat tashkilotlari va xalqaro institutlar vakillari ishtirok etdi. Bunday anjumanlar milliy qonunchilikni takomillashtirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish va iste’molchilarning huquqiy madaniyatini yuksaltirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘zbekistonda iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tizimi 1996-yilda qabul qilingan qonundan boshlangan bo‘lsa, 2002-yilgi 414-son qaror ushbu harakatning institutsional rivojlanishida hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Bugungi kunda O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi mamlakatda fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, jamoatchilik nazoratini ta’minlash va aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirishga xizmat qilayotgan yirik jamoat tashkiloti sifatida faoliyat yuritmoqda.