Выберите язык
Nurota tumani “Yangixayot” MFY da yashovchi fuqaro K.B 13-may kuni “Ishonch savdo” do‘konidan 4 875 000 (to‘rt million sakkiz yuz yetmish besh ming) so‘mga “5” quvvatli “Skuter” xarid qilgan. Biroq, ushbu mahsulot uyiga olib borilib tekshirilganida, u aslida “4”quvvatga ega “Skuter” ekani aniqlangan.
Natijada, fuqaro bu holatdan norozi bo‘lib, mahsulotni va’da qilinganidek “5” quvvatli “Skuter”ga almashtirishni so‘rab “Ishonch savdo” do‘koni sotuvchisiga murojaat qilgan. Ammo murojaati ijobiy hal etilmagach, u O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari Federatsiyasining qisqa “1091” ishonch telefon raqami orqali murojaat qilib, iste’molchi sifatidagi huquqlarini himoya qilishni so‘ragan.
Mazkur murojaat Nurota tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari tomonidan belgilangan muddatda qonuniy tartibda o‘rganildi. Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida fuqaro murojaati ijobiy hal etilib, unga “5” quvvatdagi “Skuter” almashtirib berildi.
Xatirchi tumani iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan Qoracha MFYda yashovchi fuqaro J. Rning yozma murojaati ko‘rib chiqildi.
Murojaatda fuqaro 5 000 000 so‘mga xarid qilgan muzlatgich bilan bog‘liq muammo yuzasidan murojaat qilgan. Mazkur holat jamiyat mutaxassislari tomonidan atroflicha o‘rganildi.
O‘rganish natijasida murojaat asosli deb topilib, muammo ijobiy hal etildi hamda iste’molchining huquqlari tiklandi.
Fuqaro esa ko‘rsatilgan amaliy yordam uchun jamiyat xodimlariga o‘z minnatdorchiligini bildirdi.
Farg‘ona viloyati Bag‘dod tumanida iste’molchi huquqlari himoyasi borasida navbatdagi ijobiy holat qayd etildi.
Tuman markazidagi “Ishonch” kredit savdo do‘konidan televizor xarid qilgan fuqaroning murojaati qonuniy tartibda o‘rganilib, iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob amalga oshirildi. Xususan, iste’molchi T.J. tomonidan “Ishonch” savdo do‘konidan “Rosso” rusumli, 43 dyuymli televizorni bo‘lib to‘lash sharti asosida 4 083 625 so‘mga xarid qilingan. Biroq televizor uyga olib borilib ishga tushirilganda, uning boshqaruv pulti boshqa rusumdagi televizorga tegishli ekani aniqlangan.
Mazkur kamchilikni bartaraf etish maqsadida savdo do‘koniga qilingan murojaatlar ijobiy natija bermagach, fuqaro tuman Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat yo‘llagan. Mutaxassislar mazkur murojaatni o‘rganish jarayonida sotuvchi tomon bilan muzokaralar olib borildi. Natijada, savdoda ayni rusumdagi televizor mavjud emasligi sababli, iste’molchining roziligi bilan nuqsonli tovar boshqa markali, xuddi shunday texnik xususiyatlarga ega televizorga almashtirildi hamda xarid narxi qayta hisob-kitob qilindi.
O‘rganish yakuniga ko‘ra, qonunchilik talablaridan kelib chiqib, nuqsonli tovarni almashtirish natijasida kelib chiqqan 2 125 951 so‘m ortiqcha summa iste’molchi foydasiga qayta hisob-kitob qilindi. Ma’lumot o‘rnida: amaldagi qonunchilikka ko‘ra, agar iste’molchi tomonidan xarid qilingan mahsulotda nuqson aniqlansa, sotuvchi uni 7 kun ichida, qo‘shimcha sifat tekshiruvi talab etilsa, 20 kun ichida almashtirib berishi shart. Ushbu muddatlarga amal qilinmagan taqdirda sotuvchi iste’molchiga mahsulot qiymatining 1 foizi miqdorida penya to‘lashi belgilangan.
Mazkur holatda qonuniy tartibda iste’molchi huquqlari to‘liq ta’minlandi.
Nurota tumanida yashovchi fuqaro M. Boboqulova tuman markazida faoliyat yuritayotgan “SHOX AMIR 2020” xususiy korxonasidan 6 million 700 ming soʻm evaziga muzlatgich xarid qilgan. Biroq, oradan biroz vaqt oʻtib, muzlatgichda texnik nosozliklar paydo boʻlgan va u butunlay ishlamay qolgan.
Fuqaro M. Boboqulova bu muammoni hal qilish maqsadida bir necha marotaba sotuvchiga murojaat qilgan boʻlsa-da, amalda hech qanday natija boʻlmagan.
Oxir-oqibatda, u tuman isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga yordam soʻrab murojaat qildi. Mazkur holat jamiyat mutaxassislari tomonidan oʻrganib chiqildi va sotuvchiga isteʼmolchilarning qonuniy huquqlari yuzasidan zaruriy tushuntirishlar berildi.
Koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida, nosoz muzlatgich yangisiga almashtirib berildi.